Ishonch telefonlari
8-800-200-41-07 11-44
Barcha raqamlar
  • Amerikada vazirlik va Cisco o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi
    19.09.2017

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi doirasida, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi hukumat topshirig‘i asosida Kaliforniya shtatidagi "Kremniy vodiysi"da joylashgan Cisco kompaniyasining bosh qarorgohida bo‘lishdi. Bu yerda kompaniyaning strategiya, texnologiya va innovatsiyalar bo‘yicha vitse-prezidenti Doug Vebster bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

    Uchrashuv chog‘ida Cisco vakillari kompaniyaning jahon miqyosida iqtisodiyotni raqamlashtirish, kiberxavfsizlik bo‘yicha yechimlari, "internet buyumlar" (IoT) tendensiyasiga asoslangan "aqlli" va xafsiz shahar loyihalari yuzasidan nuqtai nazariga oid taqdimot, shuningdek jamoaviy hamkorlik va muloqotni o‘rnatishga oid IT-takliflari bilan chiqish qildilar. 

    Cisco hamda vazirlik o‘rtasida O‘zbekistonda xavfsiz va "aqlli" shaharni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish yo‘nalishida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Kelishuvlar natijasida imzolangan hujjatga ko‘ra istiqbolda quyidagi sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni amalga oshirish belgilab olindi: 

    - "Aqlli shahar" (smart city) hamda "internet buyumlari" (IoT) konsepsiyasini ishlab chiqishda qo‘llab-quvvatlash va tajriba almashish;

    - Kiberxavfsizlik yo‘nalishidagi boshqaruv amaliyotini takomillashtirishda hamkorlik qilish;

    - O‘zbekistonda axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish orqali mamlakatda amalga oshirilayotgan raqamli islohotlarda ishtirok etish;

    - Keng polosali internetga ulanish sohasida qo‘llab-quvvatlash va tajriba almashish.

    1984 yilda asos solingan Cisco kompaniyasi tarmoqli texnologiyalar, aholi va muassasalar uchun ilg‘or muloqot va aloqa almashish platformalarini ishlab chiqishda jahonda peshqadam hisoblanadi. Kompaniyaning 2016 yilda texnologiyalar va xizmatlarni sotishdan olgan daromadi 46 mlrd AQSh dollarini tashkil qilgan.

    Manba: Axborot xizmati