Ishonch telefonlari
8-800-200-41-07 11-44
Barcha raqamlar
  • “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazining yangi rezidentlariga sertifikatlar topshirildi
    27.10.2017

    2017 yilning 27 oktabr kuni Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazining yangi rezidentlariga sertifikatlar topshirish marosimi o‘tkazildi.

    2017 yilning 24 oktabr kuni Innovatsiya markazining Muvofiqlashtiruvchi Kengashi tomonidan qabul qilingan protokolga asosan, 53 ta yuridik shaxslarga “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazining rezidenti maqomi berildi.

    2017 yilning 27 oktabr holatiga “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazi rezidentlarining umumiy soni 81 ta yuridik shaxslarni tashkil etdi.

    Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 iyundagi PF-5099-son “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan Innovatsiya markazi rezidentlari 2028 yil 1 yanvargacha imtiyoz va preferensiyalarga ega bo‘lishadi.

    Jumladan, rezidentlar 2028 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga soliqlar va majburiy ajratmalardan ozod etilgan. Shuningdek, 7,5 foizli stavka bo‘yicha jismoniy shaxslar daromadlaridan olinadigan soliqqa tortiladi, 4,5 foizli stavka bo‘yicha Pensiya jamg‘armasiga kiritadigan sug‘urta badallariga tortiladi.

    “Biz “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazi rezidentlari soni tez sur’atlarda o‘sayotganidan xursandmiz. O‘zbekistondagi IT-kompaniyalar Innovatsiya markaziga katta qiziqish bildirishmoqda. Hozirda biz boshqa kompaniyalarning arizalarini ko‘rib chiqayapmiz va o‘ylaymanki, tez orada Innovatsiya markazi 100 dan ortiq yuridik shaxslarni birlashtiradi”, - dedi “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazi direktori Xurshid Sultanov.

    “Bizning asosiy maqsadimiz O‘zbekistondagi IT-sanoatni rivojlantirish hamda mamlakat YaIM da mazkur tarmoq ulushini oshirishdir. Men bizning rezidentlarimizni o‘z faoliyatlarini rivojlantirib, bozorga yangi xizmat va mahsulotlarni chiqarishga chaqiraman”, - qo‘shimcha qildi u.

    “Mirzo Ulugbek Innovation Center” rezidentlari uchun imkoniyatlar kengaytirildi

    Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazining Muvofiqlashtiruvchi Kengashi IT-kompaniyalarga Markazing rezidenti maqomini olish imkoniyatlarini kengaytirdi.

    2017 yilning 24 oktabr kuni Innovatsiya markazining Muvofiqlashtiruvchi Kengashi tomonidan qabul qilingan protokolga asosan, endilikda “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazining rezidenti maqomini “Dasturiy ta’minot chiqarish” (IFUT 58.2) yo‘nalishi bo‘yicha ishlaydigan yuridik shaxslar ham olishlari mumkin.

     

    Innovatsiya markazining Muvofiqlashtiruvchi Kengashi qaroriga muvofiq, kompyuter o‘yinlari (IFUT 58210) va turli dasturiy ta’minotlar (IFUT 58290)  ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar ham “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazining rezidenti maqomini olishga nomzod bo‘lishlari mumkin.

    Innovatsiya markazining Muvofiqlashtiruvchi Kengashi mazkur qarorni qabul qilgunicha, “Kompyuter dasturi, maslahat va boshqa shu turdagi xizmatlar” hamda “Web-portallar, ma’lumotlarni qayta ishlash va joylashtirish bo‘yicha xizmatlar” yo‘nalishi bo‘yicha ishlaydigan yuridik shaxslar Innovatsiya markazining rezidenti maqomini olishlari mumkin edi.

    “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazi to‘g‘risida

    “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 iyundagi “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tashkil etilgan. Innovatsiya markazining ta’sischisi Toshkent shahridagi Inha universiteti hisoblanadi.

    “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazining asosiy maqsadi – AKT sohasida ishlab chiqarish, ta’lim va ilm-fan integratsiyasini chuqurlashtirish, shuningdek, iqtisodiyotning yuqori texnologik sohalari rivoji uchun qulay sharoitlarni yaratishdir.

    “Mirzo Ulugbek Innovation Center” Innovatsiya markazi rezidentlarga qulaylik yaratish maqsadida, ekstroterritoriallik tamoyillari asosida faoliyat yuritadi, bunda MUIC rezidentlari O‘zbekistonning istalgan burchagida joylashib, ro‘yxatdan o‘tib faoliyat yuritishlari mumkin bo‘ladi. Markazning ishlash muddati - 10 yil, mazkur muddat uzaytirilishi mumkin.

    Manba: Axborot xizmati