Ishonch telefonlari
8-800-200-41-07 11-44
Barcha raqamlar
  • Telekommunikatsiya xizmatlari so‘mli tarifga o‘tkaziladi, narxlarning ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi
    04.09.2017

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 sentyabrdagi «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi galdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida» PF-5177-son farmonining qabul qilinishi munosabati bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida barcha mobil aloqa operatorlari va internet-provayderlari rahbarlari ishtirokida tarif siyosatini tartibga solish bo‘yicha birlamchi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

    Uchrashuvda telekommunikatsiya xizmatlarini so‘mli tarifga o‘tkazishda abonentlarga zarar yetmasligini ta’minlash, jumladan abonentlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarga belgilangan bugungi narxlarni oshirmaslik masalasi ko‘tarildi. Davlat rahbarining farmonida tovarlar, ish va xizmat uchun narxlar va tariflar, shuningdek, jamiyatlarning nizom jamg‘armasiga minimal talablar faqat milliy valyutada belgilanishi ko‘rsatilgan.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida o‘tgan uchrashuvda qabul qilingan qarorga muvofiq, 2017 yilning 5 sentyabridan barcha telekommunikatsiya xizmatlari uchun tariflar milliy valyutada -- so‘mda belgilanadi. 

    Operatorlar rahbarlari tomonidan billing xizmatlari ayni paytda xorijiy valyutaga asoslangani, ularni milliy valyutaga muvofiqlashtirish birmuncha vaqtni talab qilishini ta’kidladilar. Shuni hisobga olgan holda, milliy valyutaga asoslangan billing tizimi ishga tushguniga qadar tariflar istisno tariqasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan joriy yilning 29 avgustida o‘rnatilgan 1 AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymati (4210,35 so‘m) bo‘yicha belgilanadi. Soddaroq qilib aytganda, milliy valyutada tariflarning oshishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Misol uchun, hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi bo‘yicha 10 AQSh dollari evaziga ko‘rsatiladigan xizmat, AQSh dollari kursining o‘zgarishidan qat’inazar, o‘tish davrida 42 ming so‘mdan oshirilmaydi. 

    Operatorlarning e’tibori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonida belgilangan vazifalarni so‘zsiz bajarishga qaratildi. Barcha operatorlarga 5 sentyabrdan boshlab xizmatlar uchun barcha tariflarni o‘zlarining saytlari va ommaviy axborot vositalarida milliy valyutada ko‘rsatish vazifasi yuklatildi.

    Telekommunikatsiya xizmatlari iste’molchilari uchun vazirlikning ishonch telefonlari va aloqa o‘rnatish usullarini eslatib o‘tamiz: 
    Davlat aloqa inspeksiyasining virtual qabulxonasi yoki "1144" ishonch telefoni.

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining virtual qabulxonasi: www.murojaat.mitc.uz, telefon: 200-41-07.

    Manba: Axborot xizmati