Ishonch telefonlari
8-800-200-41-07 +99871 237-01-11 Barcha raqamlar
  • 18-22 sentabr kunlari "ICTWEEK-2017" axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi bo‘lib o‘tadi
    11.09.2017

    O‘zbekiston IT-sohasining yirik an’anaviy voqeasi hisoblangan Haftalik  yagona formatdagi qator yo‘nalishlarda tadbirlarni jam qilgani bilan ahamiyatli.

    2015 yildan boshlab tadbirlarni tashkil qilishda tatbiq qilib kelingan format joriy yilda tubdan o'zgardi. Yangicha uslub Haftalik tadbirlarining tuzilishini takomillashtirish va samarali tashkil qilish, jumladan ham ishtirokchi va tashrif buyuruvchilar uchun qulaylashtirishni ko'zlaydi.

    Xalqaro tajribani tahlil qilish orqali jamiyat hayotiga innovatsiyalarni olib kirish, aholiga qulaylik yaratayotgan texnologiyalarni rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes sohasini qo‘llab-quvvatlashda axborot texnologiyalaridan foydalanish tendensiyalarini o‘rganish haftalik bosh maqsadlari qatorida turadi.  

    Haftalik O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko'magida ICTNEWS Conferences tomonidan o'tkazilmoqda.

    ICTWEEK Uzbekistan 2017 Haftaligi 18 sentabrda Milliy ko'rgazma majmuasining konferens-zalida tashkil qilinadigan IBC (Xalqaro biznes markazi)da o'tadigan matbuot anjumanida rasman e'lon qilinadi.

    19 sentabr kuni tashkil qilinayotgan, yalpi majlis sifatida o'tadigan ICTSUMMIT 2017 – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi bo'yicha sammiti ICTWEEK Uzbekistan 2017 haftaligini ochib beradi. Sammit ishtirokchilari  IT-bozorining joriy yilgi holati, istiqboldagi strategik rejalar bilan tanishadilar. Sammitda davlat organlari, aloqa va axborot texnologiyalari sohasi muassasalarining mas'ul rahbarlari, xalqaro ekspert va tahlilchilar, nufuzli IТ-kompaniyalar vakillari qatnashadilar.       

    ICTEXPO-2017 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko'rgazmasi Haftalikning muhim anjumanlaridan biri. Unda 100 dan ziyod kompaniyalar eksponatlarini namoyish qilishadi. Buning uchun "O'zekspomarkaz" MKM ning №1-pavil'oni 30 mingdan ziyod tashrif buyuruvchilarni qabul qilishga hozirlangan. Ko'rgazma 19 – 21 sentabr kunlari bo'lib o'tadi.  

    Bu yil tashkil qilinayotgan ko‘rgazma kichik va o‘rta biznes sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi IT-kompaniyalar uchun katta imkoniyatlar eshiklarini ochib beradi. Ishtirokchilarga ko‘rgazma doirasida shartnomalar imzolash huquqi beriladi. Bu esa yangi ishlanma va dasturlarni amalda tatbiq etish, dasturiy ta’minot bozori rivoji uchun ayni muddao. Shuningdek, bu yil ko‘rgazmada ishtirok etuvchi yurtimiz aholisi nafaqat mahalliy, shuningdek jahon IT-sanoatining ilg‘or mahsulotlari bilan ham tanishadilar.

    Shuningdek, ko‘rgazma formatiga ko‘ra ham noan’anaviy bo‘ladi. Aniqrog‘i, innovatsion! Ko‘rgazma pavilonlari orasida madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar tashkil qilinadi. Jumladan, Cyber Games, startap loyihalar taqdimotlari, «RoboKidz» – robotlar namoyishi, demozona – yangi loyihalar namoyish etiladigan hudud, 3D-zallar, shu bilan birga, interaktiv o‘yinlar uchun bo‘limlar mavjud bo‘ladi.

    Internet va texnologiyalar yo'nalishida xalqaro hamda mahalliy natijalar muhokamasiga bag'ishlangan  ICTFORUM 2017 Haftalikning yana bir qizg'in voqeasi. Forum 20 – 21 sentabr kunlari muayyan mavzularga, mahorat darslari hamda guruhli muhokamalarga mo'ljallangan bo'limlar formatida "O'zekspomarkaz" MKM ning konferens-zalida tashkil qilinadi. Ularda O'zbekistonda "elektron hukumat" rivoji, moliya sohasida raqamlashtirish, IТ-infratuzilma hamda axborot xavfsizligi mavzulari muhokama qilinadi

    19 – 21 sentabr kunlari Xalqaro Elektraloqa Ittifoqi tomonidan Internet of Everything (IoE) yo'nalishida "AKT sohasidagi kompaniyalarda axborot xavfsizligi kompleksi" mavzusidagi hududiy seminar-trening tashkil qilinadi. Seminar asosan faoliyatni tashkil qilishda axborot xavfsizligini ta'minlash, "internet-buyumlar"da kiber xavfsizlik bo'yicha ko'nikmalarni oshirishni ko'zlaydi.     

    Yuqori darajali aloqa sohasida axborot jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik jamiyatining Ishchi guruh majlisi 21 sentabrda o'tkaziladi. Mazkur yig'ilishda Aloqa sohasidagi hududiy hamdo'stlik tashkilotiga a'zo mamlakatlarning AKT yo'nalishidagi hamkorligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy, shuningdek madaniy jabhalaridagi o'rni muhokama bosh mavzusiga aylanadi. Aloqa sohasidagi hududiy hamdo'stlik tashkilotiga a'zo davlatlardagi aloqa sohasiga mas'ul organi rahbarining o'rinbosari, ya'ni vazir o'rinbosarlari Yuqori darajali aloqa sohasida axborot jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik jamiyati a'zolari hisoblanishadi.

    Internet tarmog'idan foydalanish, dasturiy ta'minot sohasini rivojlantirish, "internet-buyumlar" yo'nalishida loyihalarni amalga oshirish, raqamli iqtisodiyot, "elektron hukumat"ni rivojlantirish bo'yicha vazifalarni ishlab chiqish Yuqori darajali aloqa sohasida axborot jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik jamiyati faoliyatining ustuvor yo'nalishlari hisoblanadi.

    Bu yil haftalikni o‘tkazish jarayonidagi muhim yangiliklardan biri -- ko‘rgazmada ishtirok etish uchun stendlarni onlayn buyurtma qilish xizmati bo‘ldi, deyish mumkin. Buning uchun www.ictweek.uz saytidagi interaktiv xarita orqali ma’qul stendni tanlash va oldindan band qilish mumkin.

    Haftalik hamkorlari:

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining "Taraqqiyot dasturi" (UNDP), "Elektron hukumat" tizimini rivojlantirish markazi, "UZINFOCOM" kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy qilish markazi, Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent shahridagi Inha universiteti.

    Manba: Axborot xizmati