Ishonch telefonlari
8-800-200-41-07 11-44
Barcha raqamlar
  • Prezident qarori bilan vazirlik qoshida IT-maktab faoliyatini boshlaydi
    15.09.2017

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 sentyabr kuni “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

    Qarorda qayd etilishicha, mazkur ta’lim maskani ulug‘ alloma Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash, uni yosh avlod ongiga chuqur singdirish, o‘quvchilarning aniq fanlarning yuksak marralarini zabt etishiga ko‘maklashish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi iqtidorlarini aniqlash hamda qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida tashkil etilgan.

    O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tashkil etish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ilgari surilgan.

    Ushbu maktab:
    - umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari asosida zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalardan keng foydalangan holda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarining chuqur o‘qitilishini tashkil etish;
    - o‘quvchilarda dasturlash asoslarini, ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va axborot xavfsizligi ko‘nikmalari va media madaniyatni maktab davridan boshlab shakllantirish;
    - yuqori kasb mahoratiga ega bo‘lgan pedagoglarni jalb etgan holda o‘quvchilarning yosh matematiklar, yosh fiziklar, yosh dasturchilar, yosh ixtirochilar jamoalarini tashkil qilish, ularning respublika va xalqaro fan olimpiadalarida muntazam ishtirok etishlarini ta’minlash;
    - o‘quvchilarni chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi milliy va xalqaro e’tirof etilgan sertifikatlar olishga tayyorlash;
    - o‘quv jarayonining ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari bilan uzviyligini ta’minlash maqsadida 10–11-sinf o‘quvchilarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishidagi yetakchi tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyoti o‘tashlarini tashkil etish kabi vazifalarni amalga oshiradi.

    IT-maktab Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Tepamasjid ko‘chasi, 4-uy manzilida joylashgan Mirzo Ulug‘bek informatika kasb-hunar kollejining binosida faoliyat olib boradi.
    Ixtisoslashtirilgan maktabga o‘quvchilar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilanadigan kvota asosida 5-sinfdan boshlab yozma va og‘zaki sinov natijalariga ko‘ra tanlov asosida qabul qilinadi.

    Ixtisoslashtirilgan maktabni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, o‘quv-tarbiya jarayonini xalqaro andozalar asosida tashkil etish maqsadida unga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent shahridagi Inxa universiteti professor-o‘qituvchilarini belgilangan tartibda jalb etiladi.

    Manba: Axborot xizmati