Ishonch telefonlari
8-800-200-41-07 11-44
Barcha raqamlar
  • Toshkentda ICTWEEK Uzbekistan AKT haftaligiga start berildi
    18.09.2017

    Bugun Toshkentda ICTWEEK Uzbekistan 2017 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Matbuot anjumanida Haftalik tashkiliy qo‘mitasi ommaviy axborot vositalari vakillariga loyihaning maqsadi, tadbirlar hamda kutilayotgan natijalar xususida ma’lumot berdi. Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, tashkilotchilar, shuningdek Huawei, ZTE, Microsoft, Softline kabi IT-kompaniyalarning vakillari ishtirok etdilar.

    18-22 sentyabr kunlari Toshkent shahrida tashkil etilayotgan "ICTWEEK-2017" axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi O‘zbekiston IT-sohasining yirik an’anaviy voqeasi hisoblanib, sohaning qator yo‘nalishlaridagi tadbirlarni yagona formatda jam qilgani bilan ahamiyatlidir.

    2004 yildan boshlab o‘tkazib kelinayotgan ICTWEEK Uzbekistan haftaligi doirasida axborot texnologiyalariga oid Sammit hamda Forum, 3 kunlik Ko‘rgazma, shuningdek, ixtisoslashgan tadbirlar, taqdimotlar, aksiyalar va muhokamalar soha islohotlarini sarhisob qilish, xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida natijalarni tahlil qilish va istiqboldagi vazifalarni belgilab olish, aholini soha yangiliklari bilan tanishtirishda yirik voqea hisoblanadi.

    2015 yildan boshlab tadbirlarni tashkil qilishda tatbiq qilib kelingan format joriy yilda tubdan o‘zgardi. Yangicha uslub Haftalik tadbirlarining tuzilishini takomillashtirish va samarali tashkil qilish, jumladan ham ishtirokchi va tashrif buyuruvchilar uchun qulaylashtirishni ko‘zlaydi. Shu maqsadda bu yil barcha tadbirlar «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasi hududida o‘tkazilmoqda. Qulay joylashuv, zamonaviy ko‘rgazma jihozlari, yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish bir hafatlik yirik loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishda qo‘l keladi.

    Joriy yilda AKT Haftaligini tashkil etishda hukumatning alohida ko‘magi va qo‘llab-quvvatlashi ko‘rsatildi. Xususan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2017 yilning 5 iyulida qaror imzolanib, mas’ul tashkilotlarning ishtiroki belgilab berildi. Qaror axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi hamda dasturiy ta’minot bozorini rivojlantirish, mamlakatimizda “elektron hukumat” tizimini joriy qilishning imkoniyat va afzalliklarini namoyish qilish, shuningdek sohani rivojlantirishda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga yo‘naltirilgan.

    Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari Haftalik yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob yo‘lladilar.

    Manba: Axborot xizmati