Ishonch telefonlari
8-800-200-41-07 11-44
Barcha raqamlar
  • Yevropa tiklanish va rivojlanish banki delegatsiyasi tashrif buyurdi
    03.10.2017

    2 oktabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Yevropa tiklanish va rivojlanish bankining Markaziy Osiyo va Rossiya bo‘yicha boshqaruvchi direktori Natalya Xanjenkova boshchiligidagi delegatsiya bilan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

    Uchrashuvda vazirlik rahbariyati mamlakatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga oid islohotlar xususida ma’lumot berdi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda Yevropa tiklanish va rivojlanish banki bilan amalga oshirish mumkin bo‘lgan istiqbolli loyihalar, jumladan O‘zbekistonda xalqaro internet kanallariga ulanish tezligini oshirish, keng polosali internetni hamda optik tolali aloqa tarmoqlarini rivojlantirishda hamkorlik muhokama qilindi. 

    Mehmonlarga yaqinda ish boshlagan Mirzo Ulug‘bek nomidagi Innovatsiya markazi faoliyati xususida ma’lumot berildi hamda venchur kapitali uchun ekotizimni yaratish va IT-startaplarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sarmoya kiritish hamda yangi innovatsion g‘oyalarni ilgari surish taklif qilindi. 

    Yevropa tiklanish va rivojlanish banki tomonidan uchrashuvda mart oyida yangilangan va O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan imzolangan anglashuv memorandumida ko‘zda tutilgan keyingi rejalar xususida ma’lumot berildi. Jumladan, unga ko‘ra bank mamlakatimizda kommunal xo‘jalik, transport, energetika va boshqa yo‘nalishlar qatorida AKT sohasida ham hamkorlik qilishga qiziqish bildirayotgani ma’lum bo‘ldi. Shunga ko‘ra, uchrashuv yakunida investitsion hamkorlik yuzasidan loyihalarni ekspertlar ishtirokida ishlab chiqishga kelishib olindi. 

    Shuningdek, uchrashuvda Yevropa tiklanish va rivojlanish bankining O‘zbekistondagi vakili etib tayinlangan, kelib chiqishi gretsiyalik bo‘lgan Alkis Drakinos ham tanishtirildi.

    Manba: Axborot xizmati